Avval xabar berganimizdek, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi BMT Ayollar holati bo‘yicha komissiyasining 68-sessiyasida ishtirok etish uchun Nyu-York shahrida bo‘lib turipti.Tashrif doirasida T.Narbayeva Shveysariya Konfederatsiyasi Prezidenti Viola Amerd bilan uchrashuv o‘tkazdi.O‘zbekiston va Shveysariya hamkorligini izchil kengaytirish, shu jumladan siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va texnologik sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Ayni paytda Shveysariya bilan avtomobilsozlik, to‘qimachilik, farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati, chorvachilik, infratuzilma sohalarida 19 ta qo‘shma loyiha amalga oshirilmoqda. Uchrashuv davomida mazkur ko‘rsatkichni bir necha barobar oshirish uchun ikkala davlatda ham katta salohiyat va keng imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi.

O‘zaro munosabatlarlarda parlamentlararo aloqalarning muhimligidan kelib chiqib, mazkur yo‘nalishdagi hamkorlik istiqbollari ham ko‘rib chiqildi. Xususan, ixtisoslashtirilgan qo‘mitalar darajasida aloqalarni faollashtirish, ikki davlat parlamentlarida do‘stlik guruhlarini tashkil etish yuzasidan fikr almashildi.Shuningdek, uchrashuv davomida qator sohalarda hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan amaliy takliflar ham ilgari surildi. Xususan, gender tenglik sohasida hamkorlikni rivojlantirish, mazkur yo‘nalishda o‘zaro tajriba almashish muhimligi qayd etildi.




