Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva BMT Taraqqiyot Dasturining (BMTTD) Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy byurosi “Teng kelajak” onlayn-platformasining ishga tushirilishiga bag‘ishlangan videokonferensaloqa shaklida tashkil etilgan tadbirda ishtirok etdi.Unda BMT Bosh kotibi yordamchisi, BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va MDH Mintaqaviy byurosi direktori Ivana Jivkovich, shuningdek, BMTTD bo‘limlari rahbarlari mutaxassislari, ilmiy-ekspertlik doira vakillari ishtirok etdi.
Maʼlumot o‘rnida taʼkidlash joiz, “Teng kelajak” platformasi 2020 yilda BMTTD Istanbul mintaqaviy markazi tomonidan Yevropa va Markaziy Osiyodagi 19 mamlakat parlamentlari, davlat idoralari va fuqarolik jamiyati institutlariga gender tenglik sohasida axborot va uslubiy yordam ko‘rsatish maqsadida ishga tushirilgan. Platforma ayollarning davlat boshqaruvidagi ishtiroki bo‘yicha onlayn bilim markazi hisoblanadi.Tadbir davomida Senat Raisi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi raisi T.Narbayeva bu galgi uchrashuv barcha mamlakatlar uchun nihoyatda dolzarb ekanini, boisi gender siyosati jamiyat va davlat taraqqiyotining muhim omili ekanini alohida taʼkidladi.

Shuningdek, O‘zbekistonda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy sohalariga faol jalb etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlarga, shuningdek, gender tenglik masalalarida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha mamlakatimizning xalqaro tashabbuslariga to‘xtalib o‘tdi.Tadbir ishtirokchilari mazkur onlayn-platforma gender tenglik masalalarini hal qilish uchun turli muhokamalar tashkil etish, trening va turli tadbirlarni birgalikda o‘tkazish, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqalarida gender tenglik sohasida axborot va tajriba almashish uchun samarali platforma bo‘lib xizmat qilishini taʼkidlab o‘tdilar.




