Joriy yilning 6-fevral kuni Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi M.Kadirxanova AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning gender tenglik hamda ayollar huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha katta koordinatori J.Bijio boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi munosabatlar, jumladan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida USAID bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi.Taʼkidlash lozim, (USAID) bilan hamkorlikda gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini yuksaltirish borasida qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

AQSH tomoni O‘zbekistonda xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadi.Shu bilan birga, 2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini amalga oshirilishida yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, suhbat chog‘ida kelgusida birgalikda amalga oshiriladigan rejalar, hamkorlikda o‘tkaziladigan xalqaro tadbirlar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.




