Joriy yilning 6 fevral kuni Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasi muhokama qilindi.

Unda Oliy Majlis Senati a’zolari, Qo‘mita ekspertlari, vazirlik va idoralar mas’ullari, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari, NNT vakillari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining Yoshlar siyosati, xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bo‘yicha doimiy komissiya raislari ishtirok etdi.

Davlat dasturining “Har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish” yo‘nalishining 25 maqsadida xotin-qizlarni qo‘llab quvvatlash tizimini kuchaytirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy,
iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish va gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan amaliy choralar belgilangan. Xususan, xotin-qizlarni mehnat bozorida raqobatbardosh kasb-hunarlarga o‘qitish orqali bandligini ta’minlashga ko‘maklashish hamda ular
o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Davlat dasturi loyihasi muhokamasi davomida Qo‘mita a’zolari keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklarning teng huquq hamda imkoniyatlarini ta’minlashga qaratilgan davlat siyosati izchillik bilan amalga oshirilayotgani, loyihada o‘z aksini topgan vazifalar mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi ekanligini alohida ta’kidladilar.Shu bilan birga, dasturda o‘z aksini topayotgan vazifalarni amalga oshirishda davlat hokimiyati organlari hamda jamoat tashkilotlarining faolligini kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi.

Muhokamalar jarayonida qo‘mitaning vazifalaridan kelib chiqib, loyihaga kiritish nazarda tutilgan qator takliflar ham bildirildi.




