Qozog‘iston Respublikasining Olmota shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari ayollarining muloqoti doirasidagi “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” konferensiyasida Senat a’zolari ishtirok etdi.

Yalpi sessiya tarzida o‘tgan tadbirlarda ishtirokchilar qurolli mojarolar va gumanitar ofatlarda xotin-qizlar xavfsizligini ta’minlash, gender zo‘ravonlikdan ximoyalash masalalariga e’tibor qaratdilar.

Bu borada O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi a’zosi Gulnora Marufova ham o‘zining ma’ruzasida to‘xtalar ekan, eng avvalo yurtimizda Prezident Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan xotin-qizlarni turli tazyiqlardan ximoyalash, ularning jamiyatda teng huquqli bo‘lib yashashlari va faol bo‘lishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilayotgani, qonun normalariga o‘zgartirishlar kiritilib, xalqaro standartlarga moslashtirilayotganini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Markaziy Osiyo davlatlari o‘z maqsadlariga erishish va o‘z majburiyatlarini amalga oshirishi kerakligi yuzasidan bir qator takliflar ham bildirildi.

Konferensiyada keng qamrovli muloqot va mintaqaviy hamkorlik mavjud qarama-qarshiliklarga uzoq muddatli yechimlarni ishlab chiqish, BMT Nizomiga muvofiq ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, madaniy hamjamiyat va ezgulik ruhida mintaqada barqaror tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashning eng yaxshi yo‘li ekanligi aytib o‘tildi.




