14/07/2023

Joriy yil 27-iyun kuni Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan Senatning navbatdagi yalpi majlisida muhokama etiladigan masalalar ko‘rib chiqildi. 

Xususan, senatorlar “O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 208-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritish to‘g‘risida”gi Qonunga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Majlisda senatorlar tomonidan so‘nggi yillarda jamiyat hayotida kasaba uyushmalarining o‘rni va roli oshib borayotgani, tashkilot tomonidan ishchi-xodimlar huquq va manfaatlarini himoya qilinib, ular uchun munosib mehnat va dam olish sharoitlari yaratilayotgani e’tirof etildi.

Qayd etilganidek, o‘tgan davr mobaynida kasaba uyushmalari tomonidan ishchi-xodimlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini hal qilish borasida amalga oshirilgan ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirildi.

O‘tgan davrda soha xodimlarining sa’y-harakatlari bilan 5 425 nafar ishchi-xizmatchining mehnat huquqlari tiklanib, ularning foydasiga 11 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ undirilgani mehnat qonunchiligini ta’minlashda kasaba uyushmalarining o‘rni muhim ekanining amaliy tasdig‘idir.

Shu bilan birga, mehnat muhofazasi bo‘yicha 932 ta korxona va tashkilotdagi xodimlarning hayoti va mehnati uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan 5 mingdan ziyod kamchilikning bartaraf etilgani bu borada samarali tizim yaratilganidan dalolat bermoqda.

Hozirgi vaqtda yurtimizda kasaba uyushmalari tizimida 34 mingdan ortiq boshlang‘ich tashkilotlar samarali faoliyat ko‘rsatib, soha bo‘yicha 6 700 dan ziyod xodim va 300 mingga yaqin faollar fidokorona xizmat qilmoqda. 11-noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni respublikamizning barcha ishchi-xodimlari tomonidan muhim sana sifatida keng nishonlanadi.

Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi 208-moddasining birinchi qismiga 11-noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kunini ishlanmaydigan bayram kuni sifatida belgilashga qaratilgan o‘zgartish kiritilmoqda.

Majlis ishtirokchilari tomonidan ushbu Qonunning qabul qilinishi xodimlarning kasbiy, mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini ta’minlash tizimini yanada kuchaytirishga xizmat qilishi ta’kidlab o‘tildi.

Tugmani bosing Tinglash GSpeech