04/05/2026

Joriy yilning 21 aprel kuni “Markaziy Osiyo va Ozarbayjon ayollari: ustuvor vazifalar va qoʻshma harakatlar” mavzusida Oʻzbekiston raisligida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon yetakchi ayollari muloqotining majlisi onlayn shaklda boʻlib oʻtdi. 

Tadbirda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon parlamentlari vakillari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, shu jumladan Birlashgan Millatlar Tashkilotining mintaqaviy tuzilmalari rahbarlari ishtirok etdi.

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbaeva tadbirni ochib berar ekan, Muloqotning xalqaro maydondagi nufuzi izchil ortib borayotganini, u konstruktiv muloqot, ilgʻor tajriba almashish va qoʻshma tashabbuslarni ilgari surish uchun muhim platformaga aylanganini ta'kidladi. Shuningdek, Muloqot doirasida bugunga qadar 20 ga yaqin muhim hujjat qabul qilingani va qator amaliy tashabbuslar ilgari surilgani qayd etildi.

Ma'lumot oʻrnida aytish joizki, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqotiga 2020 yil dekabr oyida Oʻzbekiston tashabbusi bilan asos solingan. 2021 yilda mazkur platformaga Oʻzbekiston raislik qilgan. Soʻnggi besh yilda Markaziy Osiyoning barcha davlatlarida Muloqot majlislari oʻtkazilib, dolzarb masalalar muhokama qilindi. Joriy yilda esa Muloqotga Oʻzbekiston yana raislik qiladi.

Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Alievning ishtirok etgani qayd etildi. Bu esa Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotiga Ozarbayjonning qoʻshilishi uchun muhim omil boʻldi.

Tadbirda yil davomida Oʻzbekiston raisligi doirasida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi.

Xususan, anjuman doirasida tadbirkor ayollar oʻrtasidagi muloqotni faollashtirish, biznes-forumlar tashkil etish, a'zo davlatlarda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qonunchilik amaliyoti bilan oʻzaro oʻrtoqlashish, shuningdek, parlamentlar, hukumatlar va fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasida samarali tajriba almashinuvini yoʻlga qoʻyish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Jumladan, may oyida Buxoro shahrida oʻtkaziladigan Osiyo xotin-qizlari ikkinchi forumi doirasida “Ilm-fanda ayollar yetakchiligi” mavzusida anjuman tashkil etish nazarda tutilgan. Ushbu anjuman davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda Ozarbayjon ayol-olimlari oʻrtasida ilmiy hamkorlik va muloqot platformasini shakllantirish, shuningdek, qoʻshma ilmiy-tadqiqot loyihalari hamda innovasion tashabbuslarni amalga oshirish masalalari koʻrib chiqiladi.

Shu bilan birga, Samarqand shahrida tashkil etiladigan Yosh parlament a'zolarining 12-global forumi doirasida yosh xotin-qizlarning ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan tadbirlar hamda Muloqot majlislarini oʻtkazish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

 

Shuningdek, xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, ilgʻor tajriba almashinuvini faollashtirish va yil yakunida Muloqot faoliyati natijalarini sarhisob qilish boʻyicha muhim yoʻnalishlar belgilab olindi.

Majlis ishtirokchilari mintaqaviy hamkorlikni, oʻzaro ishonch va birdamlikni mustahkamlash, shu jumladan xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlikni davom ettirish lozimligi haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.

 

 

Tugmani bosing Tinglash GSpeech