Avval xabar berganimizdek, Oliy Majlis Senat aʼzolari Bryussel shahri (Belgiya)da bo‘lib turibdi.

Jumladan, Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Kozixonova hamda Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Kobul Tursunov Yevropa parlamenti va Belgiya Senati tomonidan tashkil qilingan “Genderga nisbatan sezuvchan parlamentlar” mavzusidagi seminarda ishtirok etishdi.

Tadbirda Yevropa parlamenti, Belgiya Senati, Germaniya Bundestagi, Litva Seymi, Chexiya parlamenti Deputatlar palatasi aʼzolari hamda Gender tenglik bo‘yicha Yevropa instituti direktori va Yevropa Ittifoqining “Inter Pares” loyihasi rahbari qatnashdi.

Seminarda O‘zbekiston bugungi kunda gender tenglikni taʼminlashda yetarli tajribaga ega ekani, sohada qonunchilik mustahkamlanib, yana-da takomillashgani, samarali mexanizmlar yaratilgani hamda bunda parlamentning faol ishtiroki eʼtirof etildi.
Xususan, Yevropa parlamenti vitse-prezidenti va gender tenglik bo‘yicha yuqori darajadagi guruh aʼzosi Nikolay Stefanuta shu yil
6-9 aprel kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida mamlakatda olib borilayotgan islohotlardan taʼsirlanib, Yangi O‘zbekiston bugungi kunda ochiq, shaffof va demokratik yo‘lda borayotganiga iqror bo‘lganini taʼkidladi.

Shuningdek, Yevropa parlamenti Tashqi ishlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Xana Jalloul ushbu seminar davomida O‘zbekistonda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini, qonunchilik takomillashib borayotganini va mamlakat tajribasi boshqa davlatlarga foydali bo‘lishini qayd etib, yurtimizga tashrif buyurish niyatida ekanini bildirdi.
Seminar davomida Yevropa parlamenti faoliyati, mexanizmlari va dinamikasi bilan tanishildi, shuningdek, Yevropa Ittifoqi hamda O‘zbekistonda gender tenglik va xotin-qizlar huquqlarini taʼminlash sohasidagi o‘zgarishlar hamda tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish masalalari muhokama qilindi.

Tadbir yakunida qonun ijodkorligi va nazorat tadbirlari, jamoatchilik ishtiroki hamda gender audit bo‘yicha amaliy tajriba almashildi, shuningdek, parlamentlararo hamkorlikni yana-da rivojlantirish va qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.





