Oliy Majlis Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Kozixonova Latviyaning “Marta” markazi rahbari Iluta Latse bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv chog‘ida gender zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan samarali mexanizmlarni yaratish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, mazkur yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan NNT va manfaatdor tashkilotlar uchun xalqaro standartlarga asoslangan ish metodologiyasini ishlab chiqish, ushbu metodologiyani amalda joriy etish hamda mutaxassislar tayyorlash muhimligi taʼkidlandi.

Bundan tashqari, ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, bu sohada hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari hamda kelgusida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan qo‘shma loyihalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Iluta Latse O‘zbekistondagi demokratik islohotlar jarayonini yuksak baholab, parlamentning jamiyatni isloh qilishdagi roli ortib borayotganini alohida qayd etdi. Shu bilan birga, u inson huquqlari va gender tenglik sohasidagi umumiy maqsadlarga erishishda “Marta” markazi O‘zbekistonning tegishli tashkilotlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirishi muhimligini taʼkidladi.





