Joriy yil 11-aprel kuni Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Kozixonova Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) Bosh kotibi ofisining gender tenglik masalalari bo‘yicha katta maslahatchisi Lara Skarpitta bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda tomonlar hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini, xususan, jamiyat hayotining turli sohalarida yosh xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Joriy yilning 8-10-aprel kunlari Toshkent shahrida YXHTning “Gender tenglik yo‘lida innovatsiyalar va tarmoq integratsiyasi orqali kompleks xavfsizlikni mustahkamlash” loyihasi doirasida tashkil etilgan “Tinchlik yo‘lida yosh ayollar tashabbusi: Markaziy Osiyo yosh ayollarni qo‘llab-quvvatlash” mavzusidagi o‘quv-maʼrifiy tadbir yakunlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Bundan tashqari, gender tenglik sohasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi va kelgusidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olindi.

Lara Skarpitta O‘zbekistonning demokratik islohotlarni amalga oshirish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholab, jamiyatni o‘zgartirish jarayonida parlamentning roli ortib borayotganini taʼkidladi. Shuningdek, u inson huquqlari va demokratik o‘zgarishlar sohasidagi umumiy maqsadlarga erishish uchun YXHT va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish muhimligini qayd etdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar gender tenglikni mustahkamlash va xotin-qizlarni, ayniqsa yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shma tashabbus va loyihalarni davom ettirish niyatini tasdiqladi.





