Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Afg‘oniston, Markaziy Osiyo, Pokiston va Erondagi mintaqaviy vakili Oliver Shtolpe bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va BMTning Narkotik va Jinoyat masalalari bo‘yicha idorasi o‘rtasidagi hamkorlik, ayniksa, noqonuniy narkotik aylanmasi, uyushgan transmilliy jinoyatchilik, odam savdosi va terrorizmga qarshi kurash yangi bosqichga ko‘tarilgani aytib o‘tildi.

Shuningdek, mintaqada inson huquqlari ustuvorligini va gender tenglikni taʼminlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, korrupsiya va odam savdosiga qarshi kurashishda parlamentning tutgan o‘rni atroflicha muhokama qilindi.
Shu bilan birga muloqotda O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi keskin kurashish choralarining qonuniy asoslari yaratilgani, bu esa xalqaro darajada eʼtirof etilayotgani alohida qayd etildi.

Odam savdosi, majburiy mehnat va xorijda mehnat qilayotgan migrantlar muammolarini hal etishda mamlakat ijobiy natijalarga erishgani alohida taʼkidlab o‘tildi. Bu borada O‘zbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rni yaxshilangani qayd etildi. Kelgusida ham ana shunday ijobiy natijalarga erishish uchun tashkilot bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Tomonlar jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish bo‘yicha hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldi.





