2024 yil 4 dekabr kuni Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Narbaeva Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʼyicha maxsus vakili Terxi Xakala bilan uchrashdi.Uchrashuv davomida soʼnggi yillarda barqaror rivojlanayotgan hamda hamkorlikning yangi bosqichiga koʼtarilgan Oʼzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʼrtasidagi munosabatlarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.Parlamentlararo hamkorlik, inson huquqlarini himoya qilish, xavfsizlikni taʼminlash, atrof muhitni muhofaza qilish, gender tenglikni ilgari surish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuvda tomonlar xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini, shu jumladan, Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti mintaqaviy platformasi doirasida ham kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Tajriba almashish va mintaqada gender tenglikni targʼib qilish uchun xalqaro platforma vazifasini bajarayotgan Osiyo xotin-qizlari forumining ahamiyati taʼkidlandi.Oʼzbekistonning Yevropa Ittifoqining GSP+ dasturiga kiritilishi amaliy hamkorlikning muhim natijalaridan biri boʼlgani va bu mamlakatimizga jahonning eng yirik bozorlariga chiqish imkoniyatini taqdim etgani qayd etildi.

Oʼzbekistonning GSP+ dasturiga kiritilgani doirasida inson va mehnat huquqlarini himoya qilish, atrof muhitni, iqlimni muhofaza qilish va samarali boshqaruvni taʼminlash bilan bogʼliq 27 ta muhim xalqaro konventsiyani samarali amalga oshirish boʼyicha majburiyatlar muhokama qilinayotgani alohida taʼkidlandi. Ushbu majburiyatlarning bajarilishi Yevropa Ittifoqi bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va Oʼzbekistonning xalqaro bozorlarga integratsiyalashuvi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Tomonlar Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqi oʼrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash muhimligini muhokama qilar ekan barqarorlik hamda doimiy rivojlanishni taʼminlash uchun mintaqaviy hamkorlik muhimligini taʼkidladi.

Uchrashuv yakunida Oʼzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʼrtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan rejalarni amalga oshirish boʼyicha faol muloqot olib borish hamda birgalikda ishlarni davom ettirish haqida kelishuvga erishildi.





