Unda “Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan himoya qilish choralari kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.Majlisda senatorlar, vazirlik va idoralar vakillari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining Yoshlar siyosati, xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bo‘yicha doimiy komissiya aʼzolari, yoshlar, OAV vakillari ishtirok etdi.

Jahon bankining tavsiyasi asosida bolalar va xotin-qizlarning tazyiq va zo‘ravonlikka uchrashining oldini olish choralari samaradorligini oshirish, oilalardagi maʼnaviy-axloqiy muhit yaxshilanishini taʼminlash uchun mazkur Qonun ishlab chiqildi.Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining maʼlumotiga ko‘ra tazyiq va zo‘ravonlik oqibatida o‘lim kelib chiqqan hollarning 38 foizida uning turmush o‘rtog‘i yoki u bilan birga ro‘zg‘or qurib yashayotgan shaxs aybli bo‘ladi.

Amaldagi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Jinoyat kodekslarining tegishli moddalari dispozitsiyasida oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikning qurboni er-xotin, sobiq er-xotin, bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxs yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxslar bo‘lishi mumkinligi nazarda tutilgan, ammo bolalar kiritilmagan. Natijada oilaviy zo‘ravonlikka uchragan bolalarga nisbatan jinoyat ishlarini malakalashda tergov idoralarida turli muammolar yuzaga kelgan.

Mazkur Qonun bilan bolalarni himoya qilishning huquqiy asosi mustahkamlanib, bolaga, vasiylik yoxud homiylik ostida bo‘lgan voyaga yetmagan shaxsga nisbatan oilaviy zo‘ravonlik qilganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmoqda.Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 592-moddasi va Jinoyat kodeksining 1261-moddasini bolaga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qilganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi norma bilan to‘ldirilgan.

Jinoyat-protsessual kodeksining 583-moddasiga o‘zgartirish kiritilib, yarashtiruv instituti bilan bog‘liq norma aks ettirilgan. Yarashtiruv instituti amaliyotda mavjud bo‘lib, turli holatlarda sudgacha tomonlar o‘zaro yarashtiriladi. Ammo bu Qonun bilan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bo‘lsa, sudgacha hech qanday yarashtiruv mumkin emasligi belgilanmoqda, chunki tergov bosqichida er-xotinlarning o‘zaro yarashganligi oqibatida ayblanuvchi tomon jazo muqarrarligini his etmay, bir yil davomida yana qayta zo‘ravonlik sodir etishi holatlari kuzatilmoqda.Shuning uchun ham yarashuv to‘g‘risidagi ariza faqat sud alohida xonaga (maslahatxonaga) kirishidan oldin, yaʼni oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik sodir etgan shaxs faqat sudda yarashuv to‘g‘risida ariza berish huquqiga ega bo‘lishi belgilanmoqda.

Mazkur Qonun qabul qilinishi oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyat ishlarini har tomonlama, to‘liq va xolisona ko‘rib chiqilishiga, tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning xulqiga ko‘rsatiladigan ijobiy taʼsirning kuchi yana-da ortishiga, bolalar va xotin-qizlarning tazyiq va zo‘ravonlikka uchrashini oldini olish choralarining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.




