Joriy yilning 27-iyun kuni Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi huzuridagi “Tadbirkor ayollar klubi” aʼzolari bilan navbatdagi uchrashuv o‘tkazildi.
Unda Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi M.Kadirxonova, “Tadbirkor ayollar klubi” aʼzolari oflayn va onlayn formatda ishtirok etdi.

Uchrashuvda “Tadbirkor ayollar klubi” aʼzolari tomonidan hududlarda tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlarning moliyaviy savodxonligini oshirish, biznes g‘oyalarini va loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar holatiga oid axborot berildi.Shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini endi boshlayotgan tadbirkor xotin-qizlar bilan muntazam ravishda uchrashuvlar o‘tkazilib, subsidiyalar, imtiyozli kreditlar ajratish va boshqa moliyaviy instrumentlar bilan bog‘liq masalalarda tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan amaliy yordamlar to‘g‘risida batafsil tushunchalar berildi.

Bundan tashqari, muloqot davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yilning 7 martdagi “Xotin-qizlarning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosining bugungi kundagi holati ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv davomida “Tadbirkor ayollar” klubi aʼzolarining kelgusidagi rejalari va takliflari ham eshitildi.




