Joriy yilning 7-iyun kuni Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi majlisi o‘tkazildi.Senatorlar, mahalliy Kengashlar doimiy komissiyalari raislari, Qo‘mita huzuridagi ekspertlar guruhi aʼzolari, mutasaddi vazirlik va idoralar, Yoshlar parlamenti aʼzolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan ushbu Qo‘mita majlisida Senatning navbatdagi yalpi majlisiga kiritilishi rejalashtirilayotgan qator masalalar muhokama qilindi.Jumladan, “Maʼmuriy islohotlar doirasida taʼlim sohasida davlat boshqaruvi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

Mamlakatimizda taʼlim xizmatlarini ko‘rsatish sohasida litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini liberallashtirish hamda institutsional isloh qilish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirildi.Lekin ayrim nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan mustaqil ishlab chiqilgan o‘quv reja va dasturlar, darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari zamon talablariga javob bermasligi, hujjatlarning ekspertizadan o‘tkazilmaganligi kabi holatlar kuzatilmoqda.Senatorlar taʼkidlaganidek, mazkur Qonun oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar, maktabgacha va maktab taʼlimi sohasidagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining yaxlit tizimini shakllantirishga, shuningdek davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilayotgan taʼlim xizmatlarining sifatini oshirishga xizmat qiladi

Shuningdek, majlisda “Yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan kasaba uyushmalari tashkilotlarini hisobga qo‘yish tartibi belgilanayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi Qonun haqida so‘z yuritildi.Taʼkidlanganidek, mazkur Qonunning qabul qilinishi yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan kasaba uyushmalarining bo‘linmalari va boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlarini ro‘yxatga va hisobga olish yagona organ orqali amalga oshirilishini hamda ular tomonidan shartnomaviy-huquqiy munosabatga kirishilganda yuzaga keladigan majburiyatlar bo‘yicha javobgarligini aniq belgilash imkonini beradi.

Mazkur qonunlar yuzasidan senatorlar hamda majlis ishtirokchilari tomonidan qator fikr-mulohazalar bildirildi. Majlis yakunida ko‘rilgan masalalar bo‘yicha Qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.




