Oliy Majlis Senatida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining mustaqil baholash bo‘yicha bosh ofisining xalqaro baholovchilari bilan uchrashuv o‘tkazildi.Uchrashuv BMTTD Mustaqil baholash ofisi tomonidan O‘zbekiston uchun o‘tkazilayotgan uchinchi mamlakat dasturini baholash doirasida bo‘lib o‘tdi. Maʼlumot uchun, mamlakat dasturini mustaqil baholash BMTTDning 2021–2025-yillarga mo‘ljallangan joriy dasturining umumiy faoliyati, natijalari va rivojlanishga qo‘shgan hissasini baholashdan iborat.
Uchrashuv davomida BMTTD dasturlarining moslashuvchanligi, samaradorligi, BMTTD bilan hamkorlikning eng ko‘zga ko‘ringan natijalari va umuman hamkorlikda erishilgan natijalar muhokama qilindi.Taʼkidlanganidek, BMTTD va BMTning boshqa agentliklari bilan hamkorlikda so‘nggi 7 yil ichida gender tenglik, ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan qonunlar ishlab chiqildi, 2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi ishlab chiqildi.
Gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarning barcha yo‘nalishlarda huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi ko‘plab davlatlar tomonidan o‘rganilib, qiziqish uyg‘otayotganligi alohida taʼkidlandi.Uchrashuv so‘nggida ishtirokchilar kelajakdagi dasturlarni ishlab chiqishda va ularni hayotga tatbiq qilishda yaqindan hamkorlik qilishga kelishib oldilar.




