2024-yilning 1-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti Jevdat Yilmaz boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari yil sayin mustahkamlanayotgani, shu jumladan, so‘nggi yillarda ikki davlat rahbarlarining kuchli siyosiy irodasi sabab ushbu munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilib, strategik sheriklik darajasiga olib chiqilgani eʼtirof etildi.

Oliy darajadagi muloqotlar muntazamlik kasb etmoqda. Buning natijasida ikki mamlakat o‘rtasidagi qardoshlik va do‘stlik rishtalari, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar, turizm, taʼlim va ijtimoiy sohasidagi hamkorlik yana-da rivojlanmoqda.

Muloqot davomida Turkiya tomoni gender tenglik, xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, tartibli mexnat migratsiyasi, oila ishlari va ijtimoiy himoya sohalarida ko‘maklashish, bu borada o‘zaro tajribasi alshashish va aniq loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanligini bildirdi.

Uchrashuv so‘nggida tomonlar ikki mamlakatning ko‘p qirrali hamkorligini chuqurlashtirish va kengaytirish yo‘lida o‘zlarining bor tajriba hamda shijoatlarini safarbar etishga tayyor ekanliklarini bildirdi.




