Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva Nyu-York shahriga amaliy tashrifi davomida Turkiyaning oila ishlari va ijtimoiy taʼminot bo‘yicha vaziri Maxinur Ozdemir Gyoktash bilan uchrashuv o‘tkazdi.Davlatlarimiz rahbarlarining qatʼiy siyosiy irodasi va birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli bugun O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi qardoshlik munosabatlari o‘zaro ishonch asosida rivojlanib borayotgani alohida qayd etildi.Muloqot chog‘ida gender tenglikni taʼminlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, aholini ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari bilan ishlash borasida hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Ayollarga nisbatan va oiladagi zo‘ravonlikning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida tashkiliy-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha tajriba almashish maqsadida Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi bilan Turkiya parlamentining Ayollar va erkaklar uchun teng imkoniyatlar qo‘mitasi o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish taklifi ilgari surildi.Konstruktiv va amaliy ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish borasida qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirishga kelishib olindi.




