Joriy yilning 30-oktabr kuni Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi M.Kadirxonova Jahon bankining katta iqtisodchisi Ikuko Uochi xonim bilan O‘zbekistonda gender tenglikni baholash bo‘yicha hisobot taqdimoti yuzasidan uchrashuv o‘tkazdi.Unda senatorlar, Jahon banki hamda tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.

Taʼkidlash lozim, O‘zbekiston va Jahon banki o‘rtasida strategik hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bir qancha yo‘nalishlarda qator loyihalar amalga oshirildi.Muloqot chog‘ida inson kapitalini rivojlantirish, gender tenglikni taʼminlash, shuningdek, Jahon banki tomonidan olib borilayotgan loyihalarning bugungi holati va istiqbollari masalalari muhokama qilindi.Bugungi kunda davlat xizmati sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash yo‘nalishida ham qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xorij tomoniga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ro‘y berayotgan barcha o‘zgarish va yangilanishlar, shuningdek, gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini yuksaltirish, ularning davlat ishlarini boshqarishdagi rolini oshirish, yoshlar siyosati haqida batafsil maʼlumot berildi.

Shuningdek, xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yana-da takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar haqida so‘z yuritildi.Uchrashuv yakunida Jahon banki mutasaddilari yuqorida qayd etilgan loyihalar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga ijobiy baho berib, hamkorlikdagi aloqalarni yana-da takomillashtirib borishga kelishib olindi.





