Gender statistikasi bu - ayollar va erkaklarning gender nuqtai nazaridan farqini aniqlash va buni tizimli ravishda o`rganib borish uchun, ayol va erkaklarning muhim ahamiyatga ega bo`lgan barcha yo`nalishlardagi haqiqiy o`rnini holisona aks ettiruvchi statistika hisoblanadi.
Gender statistikasi inson to`g`risida ma`lumotlar yig`iladigan barcha statistik mavzularga daxldor bo`lib, quyidagilarni o`z ichiga olgan bo`ladi: (1) jinsiy tarkibi bo`yicha ma`lumotlar, (2) gender masalalarini (gender ko`rsatkichlarini) aks ettiruvchi statistika, hamda (3) statistikaning barcha sohalariga gender yondashuvini joriy qilish.
   Gender statistikasi tushunchasining tayanch nuqtasi bo`lib, ikki tushuncha ya`ni, “jins” va “gender” tushunchalari o`rtasidagi farq nazarda tutiladi. Ayrim hollarda ushbu toifalar (jins – erkak, ayol; va gender – maskulin, femin) bir xil mazmundagi tushunchalar sifatida aks ettiriladi. Lekin bu unday emas:
    Jins – ayollar va erkaklarning o`zgartirib bo`lmaydigan nisbiy biologik farqlarini ifodalovchi termindir. Jins oldindan to`la belgilangan, universal va vaqt o`tishi bilan o`zgarmaydi.
Gender
, yoki ijtimoiy jins – ayollar va erkaklar o`rtasidagi o`zgaruvchan ijtimoiy-madaniy farqlarni, rollarni, axloq andozalarini, “tabiiy” (“tug`ma”) bo`lmagan, ya`ni jamoat tasavvuridagi me`yorlar va an`analar asnosida ular tomonidan o`zlashtirilgan sifat va boshqa ta`riflarni ifodalovchi termindir. Ayollar va erkaklarga hos bo`lgan tushunchalar to`g`risidagi ayol va erkaklarning tasavvuri, turli sohalarda vaqt o`tishi bilan o`zgarishi mumkin (o`zgarmoqda ham).
    Gender tenglik – erkaklar va ayollar ijtimoiy sohada teng tarzda ahamiyatga, teng huquq va mas`uliyatga, xamda teng sharoitlarga (manba va imkoniyatlarga teng tarzda erishish) ega bo`lsalar va ulardan qonunda belgilangan tarzda rasmiy tenglik (“hujjat asosidagi tenglik”) asosida foydalana olsalargina, tenglik o`z aksini topadi.

Gender statistikasi nima uchun kerak?

   Gender statistikasi ko`p maqsadlar uchun hizmat qiladi, lekin birinchi navbatda, u ayol va erkaklarning turli holatlari va sharoitlariga taalluqli bo`lgan yashirin muammolarini aniqlash uchun kerakdir. Shunga ko`ra gender statistikasi muvaffaqiyatli rejalashtirish, manzillilikni kuchaytirish, samarali monitoring yuritish va rivojlanish dasturlarining ta`sirini baholash uchun zarurdir. Shuni inbobatga olgan holda, gender statistikasi – adolat va tenglikni ilgari surish, shuningdek aholining barcha guruhlari hayoti darajasini yaxshilash uchun xizmat qiladigan vositadir. Shu tariqa, gender statistikasi barqaror va har tomonlama rivojlanish va iqtisodiy o`sishga o`z hissasini qo`shadi.

                                                      Gender statistikasi bo`yicha xalqaro majburiyatlar

    Gender statistikasining mustahkam xalqaro mandati Birlashgan Millatlar Tashkilotining xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarning barcha shakllariga barham berish to`g`risidagi Konventsiyasi (CEDAW), Pekin Harakat dasturi va Mingyillik rivojlanish maqsadlari asosida shakllantirilgan edi.
    CEDAW Konventsiyasi ayollarning huquq va manfaatlari kompleks tarzda ko`rib chiqilgan yagona halqaro bitim bo`lib, xususan u hisobdorlikning eng muhim mexanizmlaridan biri deb hisoblanadi. CEDAWni ratifikatsiya qilgan yoki unga qo`shilgan davlatlar, yuridik jihatdan Konventsiyaning barcha nizomlarini amalda ro`yobga chiqarishlari va xar to`rt yilda olib borilayotgan ishlar to`g`risidagi ma`ruzalarda CEDAW qo`mitasiga hisobot berib borishlari shart. Ushbu xisobotning muhim asosi bo`lib gender statistikasi hisoblanadi, CEDAW qo`mitasi esa ko`p hollarda berilgan bayonotlarning asosliligini ta`minlash uchun gender statistikasi ma`lumotlarining zarurligi haqida ta`kidlab o`tadi.
    Gender statistikasining muhimliligi yana bir halqaro hujjatda o`z aksini topgan bo`lib, bu – Xotin-qizlar ahvoli bo`yicha 1995 yilda BMTning To`rtinchi xalqaro konferentsiyasida qabul qilingan Pekin Harakat dasturidir. Ushbu hujjat strategiya va dasturlar ishlab chiqishda ayol va erkaklarning muhim sohalardagi o`rinlarini mos ravishda aks ettirish uchun hududiy, milliy va xalqaro darajadagi tashkilotlarni doimiy ravishda ma`lumotlarni jinsiy tarkibda (shuningdek yosh va boshqa holatlarda) yig`ish, tahlil qilish va shakllantirishga da`vat qiladi.
    Ming yillik rivojlanish maqsadlari kabi, milliy va xalqaro darajada tasdiqlangan rivojlanish maqsadlari, gender statistikasiga bo`lgan talabning oshishiga turtki bo`ldi. Bir qator sohalardagi tengsizlikni, shuningdek ta`lim, ish haqi, xamda qarorlar qabul qilish jarayonida ishtirok etish kabi sohalardagi tengsizlikka barxam berish maqsadida, jami 189 ta davlat xamkorlikda ish olib borish majburiyatini olishdi. BMTning Mingyillik deklaratsiyasida, sakkizta mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishish yo`lidagi rivojlanishni baholashda foydalanish lozim bo`lgan miqdoriy ko`rsatkichlar ko`rsatib o`tilgan. Ushbu maqsadlar, ma`lumotlar jinsiy guruhlar kesimida va boshqa tavsiflarni aks ettirgan holda (masalan, shahar va qishloq joylarini taqqoslagan holda) bo`lishini va shu tarzda, jamiyatda turli guruhlarning ahvolini yaxshiroq tushunish maqsadida, ma`lumotlar umummilliy hisob-kitoblar doirasidan tashqariga chiqqan holda bo`lishini talab qiladi.
    Dunyoda, gender statistikasi xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, hamda gender tenglikka erishish uchun zarur bo`lgan talab ekanligi to`g`risida yakdillikga erishildi, bu esa o`z navbatida ikkala holda ham qashshoqlikka barham berish, keng qamrovli iqtisodiy o`sishda va barqaror rivojlanishda muhim ahamiyatga egadir. Shu tariqa, xozirgi davrda gender statistikasi sohasi faqatgina gender tenglikka erishishga yo`naltirilgan faoliyatda muhim axamiyatga ega bo`libgina qolmay, balki yaqin davrgacha gender jihatdan bog`liqligi yo`q deb hisoblangan sohalarning, ya`ni qashshoqlikka qarshi kurashish, atrof muhitni muhofaza qilish, byudjetni shakllantirish va moliyalashtirish kabi sohalarning rivojlanishi yo`lida olib boriladigan faoliyatda xam muhim ahamiyatga egadir.

O`zbekistonda gender statistikasining holati

    O`zbekistonda mustaqillik yillarida gender tenglikka erishish choralarini ro`yobga chiqarish yo`lida juda katta ishlar amalga oshirildi. Oilaning ijtimoiy muhofazasi, onalik va bolalik masalalariga ma`sul bo`lgan Bosh vazir o`rinbosari rahbarligida 1991 yilda Xotin-qizlar qo`mitasiga asos solinganligi bilan institutsional rivojlanishda sezilarli o`sishga erishildi. Xotin-qizlar qo`mitasi barcha hududlarda va jabhalarda vakolatli bo`lgan takomillashgan tizimga ega. Qo`mita raislari orasida viloyat darajasidagi 14 ta xokim o`rinbosarlari, shuningdek munitsipal va tuman darajasidagi ma`muriyat rahbarlarining 219 ta o`rinbosarlari faoliyat ko`rsatishadi.
     Xotin-qizlar qo`mitasi, hamda Tashqi ishlar vazirligi va Inson huquqlari bo`yicha milliy markaz Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarning barcha shakllariga barham berish to`g`risidagi Konventsiya, Pekin harakati dasturining bajarilishi, Mingyillik rivojlanish maqsadlari bilan yuklatilgan xalqaro majburiyatlar bo`yicha hisobotlarda Davlat statistika qo`mitasi bilan uzviy hamkorlikda ish olib boradi.
    Xotin-qizlarning axvolini yaxshilash va ularning iqtisodiy huquqlarini mustahkamlash yuzasidan milliy darajada dasturlar va chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Davlat boshqaruvi organlari, respublikaning jamoat va ilmiy tashkilotlarining gender masalalarini hal qilishdagi faoliyatini jonlantirish, gender tengligi masalalarini tavsiflovchi statistik ma`lumotlarga bo`lgan ichki extiyojning o`sishiga yordam bermoqda, hamda ushbu ma`lumotlardan foydalanuvchilarning doirasi kengaymoqda.
    O`zbekistonda 1990 yillarning oxirlaridayoq gender statistikasini ilgari surish bo`yicha birinchi qadamlar qo`yilgan edi. Aynan o`sha davrdan boshlab respublikada gender ko`rsatkichlarini aks ettiruvchi risolalar muntazam ravishda chop etib kelinmoqda. Har bir nashr gender ko`rsatkichlarini ommaga yetkazish va ularni takomillashtirish yo`lida ilgari qo`yilgan qadam va muhim bosqich bo`lmoqda. Masalan, Makroiqtisodiyot vazirligi va Xotin-qizlar qo`mitasi tomonidan 2002 yilda nashrdan chiqarilgan (BMTTD va OTBning ko`magida) “O`zbekistonda ayollar va erkaklar” risolasi, ilk marotaba boshqaruv, siyosiy xayot va tadbirkorlik sohasi bo`yicha keltirilgan ma`lumotlarni o`z ichiga olgan 9ta strategik yo`nalishlar bo`yicha indikatorlarni bir joyga jamlagan birinchi nashr bo`ldi. O`sha davrdan boshlab, halqaro tashkilotlar yordamida 2002, 2007, 2010 va 2012 yillarda shu kabi bir qator risolalar chop etildi. Ularning barchasida ma`muriy manbalar va kuzatuvlar (o`rganishlar) natijalarida mavjud bo`lgan muhim gender indikatorlari aks ettirilgan.
    O`zbekistonda gender statistikasi bo`yicha ma`lumotlarni yig`ish bir qator manbalarga asoslangan holda amalga oshiriladi. Jinsiy guruhlar, aholini ro`yxatga olish va statistik kuzatuvlar bo`yicha mavjud ma`muriy hisobotlarga qo`shimcha ravishda, ko`p ko`rsatkichli klaster kuzatuvi (MICS), hamda DHS, LSS va uy xo`jaliklari kuzatuvi asosida shakllangan ma`lumotlar mavjud.
    Ushbu sayt gender statistikasi ma`lumotlarini takomillashtirish, doimiy ravishda va o`z vaqtida jins guruhlari bo`yicha ma`lumotlarni ommaga yetkazish maqsadida gender statistikasi bo`yicha elektron ma`lumotlar bazasini yaratish yo`lida o`ziga xos birinchi urinish sifatida aks etadi. Xalqaro tashkilotlarning jamiyatda ayollar va erkaklarning holatini taqqoslama tahlil qilishga imkon yaratadigan yangi ko`rsatkichlarni ishlab chiqish, ularni yuritish va tizimlashtirishga yo`naltirilgan tavsiyalari inobatga olingan. Mazkur ishlar jamiyatni demokratlashtirish va islohotlarni chuqurlashtirish bilan shart qilingan, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining yangi jihatlarini holisona aks ettirishga yo`naltirilgan, milliy statistika sohalarini rivojlantirishning bir qismi sifatida amalga oshirilmoqda.