Dunyo rivojining hozirgi davrida inson taraqqiyoti, uning huquq va erkinliklari, ijtimoiy adolat va inson xavfsizligini ta`minlash borasidagi jarayonlar uchun ayollar va erkaklarning jamiyat hayotining barcha jabhalaridagi tengligini amalda ta`minlash masalalari ustuvor vazifalarning biriga aylanmoqda.
    BMTga a`zo-davlatlar uchun ayollar va erkaklar tengligini ta`minlashga doir milliy majburiyatlarni to`liq bajarish Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishish va BMT tamoyillarini qo`llab-quvvatlashga munosib hissa qo`shish demakdir.
    Jamiyatda ayollar va erkaklar tengligi tamoyilini ilgari surish demokratik boshqaruvning asosiy va ajralmas qismi ekanligini anglab yetish kuchaymoqda. Dunyoda yuz berayotgan jarayonlar iqtisodiy rivojlanish siyosati gender jihatdan neytral bo`lishi mumkin emasligini tasdiqlamoqda, gender tengligi va iqtisodiy samaradorlik o`rtasida bevosita aloqa mavjud. Jinslar ehtiyojlari va manfaatlarini hisobga olish, ayollar va erkaklar uchun teng imkoniyatlar yaratish ayollar va erkaklar ahvolini yaxshilashga, oilani mustahkamlashga, bolalarning jismonan va ma`nan kamol topishiga ko`maklashadi, va oxir-oqibat – millatning iqtisodiy taraqqiyot sari salohiyati va imkoniyatlarini kuchaytiradi. O`z navbatida, iqtisodiy rivojlanish ham uzoq muddatli istiqbolda gender tengligi darajasini oshirishga keng imkoniyatlar yaratadi.
    Mamlakatda samarali iqtisodiy o`sishga erishish uchun ayollar va erkaklarning jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida teng imkoniyatlarini ta`minlashning kafolati bo`ladigan institutsional mexanizmni yaratish zarur.
    Erkaklar va ayollar o`rtasida teng huquq va teng imkoniyatlarni ta`minlash masalalari quyidagi asosiy xalqaro hujjatlarda o`z aksini topgan, bular: Atrof muhit va rivojlanish bo`yicha Rio-de-Janeyro Deklaratsiyasi (Rio Deklaratsiyasi, 1992 y.), Aholishunoslik va rivojlanish bo`yicha Qohira konferentsiyasi (1994), Xotin-qizlar ahvoli bo`yicha Pekin konferentsiyasi (1995) va Inson manzilgohlari bo`yicha Istambul konferentsiyasi (1996).
    O`zbekiston Respublikasi mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq demokratik tamoyillarni qo`llab-quvvatlab, inson huquqlarini ta`minlashga doir qariyb 70 ta asosiy xalqaro hujjatlarga qo`shildi. Bular – Umumjahon inson huquqlari Deklaratsiyasi, «Xotin-qizlarga nisbatan zo`ravonlikning barcha shakllariga barham berish to`g`risida»gi Konventsiya, Mingyillik rivojlanish maqsadlari va boshqalar.
    Respublika jamiyatning o`ziga xos ijtimoiy-iqtisodiy transformatsiyasi modelidan kelib chiqib, milliy rivojlanish masalalarini ayollar va erkaklar tengligi hamda xotin-qizlarning jamiyat va davlat hayotidagi imkoniyatlarini kengaytirish asosida hal etishga, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish hamda iqtisodiy va huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqish va hayotga tadbiq etish borasidagi tashabbusni o`z qo`liga olishga qodir bo`lgan va muhim hamkor bo`la oladigan xususiy sektorga alohida e`tibor qaratadi.
    Ayollar va erkaklar huquqlari tengligi mamlakatimizning Asosiy qonuni - O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustaxkamlangan, uning 18-moddasida qayd etilganidek, «O`zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo`lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e`tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat`i nazar, qonun oldida tengdirlar».
    O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi har bir odam uchun Inson huquqlari haqidagi Xalqaro Konventsiyadagi shaxsiy, ijtimoiy, siyosiy, madaniy va iqtisodiy huquqlarining butun majmuini kafolatlaydi. Asosiy qonunimizda har bir insonga huquq va erkinliklari daxlsizligi, ularni cheklab qo`yishga hech kim haqli emasligi mustahkamlangan.
    Respublika mustaqillik yillarida fuqarolar huquqlari va erkinliklari sohasida ham yuzdan ziyod qonunchilik hujjatlarini qabul qildi. Jumladan, bular quyidagi qonunlar: «O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to`g`risida», «Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish to`g`risida», «Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to`g`risida», «Mulkchilik to`g`risida», «Ta`lim to`g`risida», «Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to`g`risida», «Fuqarolarning murojaatlari to`g`risida», «Axborotdan foydalanish erkinligi to`g`risida», «Jamoat birlashmalari to`g`risida», «Aholi bandligi to`g`risida» va boshqalar.
    Ayollarning saylov jarayonlaridagi teng huquqli ishtirokini hamda ayollar va erkaklar uchun saylov standartlarining tengligini ta`minlash O`zbekiston Respublikasining quyidagi qonunlarida belgilangan, jumladan bular - «O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to`g`risida», «Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to`g`risida», «Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to`g`risida», «Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi to`g`risida», «O`zbekiston Respublikasi referendumi to`g`risida», «O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida». «Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to`g`risida»ni Qonunning 5-moddasida qayd etilishicha, «Fuqarolarning saylov huquqlarini to`g`ridan-to`g`ri yoki bilvosita cheklashga yo`l qo`yilmaydi, saylov to`g`risidagi qonunlarda belgilab qo`yilgan talablar bundan mustasnodir».
    2003 yil 29 avgustda qabul qilingan «O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to`g`risida» Qonunida (22 modda) ko`zda tutilganidek, xotin-qizlar soni siyosiy partiyalardan ko`rsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining kamida o`ttiz foizini tashkil etishi lozim. Fuqarolarning jinsidan qat`iy nazar saylov huquqlarining sud yo`li bilan himoya etilishi «Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to`g`risida»ni Qonuni bilan kafolatlanadi (20 modda).
    O`zbekiston Respublikasi Oila kodeksi (1998 y.) ayollar va erkaklarning nikoh munosabatlarida shaxsiy va mulkiy huquqlarining tengligini mustahkamlaydi (2 modda) va er-xotinning bola tarbiyasi va parvarishi hamda boshqa oilaviy masalalardagi majburiyatlarini (21 modda) belgilaydi.
    Xotin-qizlarning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish va farovonligini oshirishda hal qiluvchi omil sifatida ta`lim olish, kasb-hunar o`rganish va o`z qobiliyatlarini rivojlantirish borasidagi imkoniyatini ko`rib chiqar ekanmiz, respublikada ta`lim olish huquqi barcha fuqarolar uchun jinsidan qat`iy nazar O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan kafolatlanganligiga (41 modda) guvoh bo`lamiz. Ayollar va erkaklarning ta`lim olishga doir teng huquqlari O`zbekiston Respublikasining «Ta`lim to`g`risida»gi Qonuni, jismoniy rivojlanish va sport bilan shug`ullanish borasida esa - «Jismoniy tarbiya va sport haqida»gi qonuni (2-modda) bilan belgilangan.
    Xotin-qizlarning qarorlar qabul qilish darajasidagi ishtirokini yanada kengaytirish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 1995 yil 2 martdagi «O`zbekiston Respublikasining davlat va ijtimoiy qurilishida xotin-qizlarning rolini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida» hamda 2004 yil 25 maydagi «O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi faoliyatini qo`llab-quvvatlash borasidagi qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida» Farmonlari hamda Vazirlar Mahkamasining mazkur masalalar yuzasidan qarori qabul qilingan.
    O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida (1995 y.) ayollarning mehnatga odi huquqiga nisbatan protektsionistik yondashuv qo`llaniladi. Ish beruvchi ayolga ishga joylashishda uning homiladorligi yoki ko`p bolaligi sababli rad javobini berishga haqli emas, Kodeksning ayrim moddalarida ayollarni zararli yoki og`ir sharoitlarda mehnat qilishdan muhofaza qilishga qaratilgan me`yorlar, shuningdek homiladorlik vaqtida boshqa imtiyozlar ham mavjud. Bunda ularning mehnat haqlari ilgarigi darajada saqlanadi.
    O`zbekiston Respublikasi qonunchiligida xotin-qizlarga nisbatan zo`ravonlikni oldini olishga qaratilgan kompleks choralar ko`zda tutilgan. O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida xotin-qizlarga nisbatan sodir etilgan zo`ravonlik harakatlar uchun turli jazo choralari mustahkamlangan (103, 115, 117,121, 136 moddalar).
    O`zbekiston Respublikasining barcha me`yoriy-huquqiy hujjatlari Konstitutsiya moddalariga moslashtirilgan va xotin-qizlarni kamsituvchi heq qanday me`yorlarga ega emas. Fuqarolar teng huquqliligini bevosita yoki bilvosita buzish yohud cheklash O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi bilan jazolanadi (141 modda).
    Respublikada ayollar va erkaklarning jamiyat hayotidagi tengligiga doir konstitutsiyaviy printsipni amalga oshirish uchun mutlaqo yangi institutsional muhit yaratilgan: O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi (1991 y.), Inson huquqlari bo`yicha parlament vakili (Ombudsman) instituti, Inson huquqlari bo`yicha Oliy Majlis vakili huzuridagi Fuqarolarning konstitutsioyaviy huquq va erkinliklariga rioya etish komissiyasi (1995 y.). Inson huquqlarini himoya qilish bilan bog`liq barcha davlat va nodavlat tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Inson huquqlari bo`yicha Milliy markazi tuzildi (1996 y.). Amaldagi qonunchilikni, uning inson huquqlari sohasidagi xalqaro me`yorlar va standartlarga muvofiqligini o`rganish hamda inson huquqlari borasidagi xalqaro huquqiy me`yorlarni amaldagi milliy qonunchilikka implementatsiya qilish bo`yicha takliflarni ishlab chiqish, qonun loyihalarining ilmiy ekspertizasini o`tkazish, qonun ijodkorligi faoliyatiga oid rejalar va dasturlarga takliflar tayyorlash maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Amaldagi qonunchilikni monitoring qilish instituti tashkil etildi.
    Oila institutini yanada mustahkamlash, onalik va otalikni insoniylik va fuqarolilikning eng yuksak namoyoni sifatida davlat va jamiyat tomonidan qo`llab-quvvatlash hamda ayollarning inson resurslarini barqaror rivojlantirishga va ijtimoiy-madaniy qadriyatlarni yetkazishga qo`shgan alohida hissasini e`tirof etish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov davlatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 19-yilligi munosabati bilan o`tkazilgan tantanali yig`ilishda 2012 yilni - «Mustahkam oila» deb e`lon qildi. Ushbu voqeaning alohida ahamiyatini ta`kidlab, yurtboshimiz shunday ta`kidladilar: «Oila oldida turgan vazifalarni har tomonlama amalga oshirish – avvalambor, moddiy, ma`naviy, bugun o`ta dolzarb bo`lib borayotgan tarbiyaviy muammolarni yechish, oilaning barcha-barcha tashvishlarini osonlashtirish kabi muhim masalalarni hal etish bilan bog`liq ekanini, o`ylaymanki, hammamiz yaxshi tushunamiz.
    Aynan ana shunday masalalarni hal etish har qaysi oilaning yukini hech nolimasdan, hayotga shukrona qilib, o`z yelkasida ko`tarib kelayotgan, oila qo`rg`onining ham chiroyi, ham charog`boni bo`lgan ayol zotining, opa-singillarimizning og`irini yengil qilish bilan barobar ekanini esimizdan chiqarmasligimizni istardim».
    Shunday qilib, mustaqillik yillarida respublikada qonunchilik va ijro etuvchi organlar darajasida huquqiy, tashkiliy, moliyaviy-iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa sohalarda ayollar va erkaklar tengligiga oid konstitutsiyaviy printsipni ta`minlashga qaratilgan ayollar va erkaklarga nisbatan davlat siyosatini amalga oshirish uchun progressiv va ishonchli baza yaratilgan.
    Ayollar va erkaklar tengligi madaniyatini shakllantirish – bu tizimli va doimiy jarayon bo`lib, keng jamoatchilik va fuqarolik institutlari bilan hamkorlikni talab etadi. Bu borada jamiyatning barcha jabhalari – davlat tuzilmalari, jamoat tashkilotlari, biznes sub`ektlari, kasaba uyushmalari va keng aholi qatlamlarining birgalikdagi va hamjihatlikdagi faoliyati muhim ahamiyat kasb etadi.
    Alohida sa`y-harakatlar ayollar va erkaklar xulq-atvoriga doir ijtimoiy va madaniy modellarni o`zgartirishga, omma ongida ayollar va erkaklarning jamiyatdagi roliga doir eskicha qarashlarni bartaraf etishga qaratilishi kerak.
    Jamiyat barcha qatlamlarining maqsadli faoliyatini tashkil etish zarur gender-dezagratsiyalangan axborot bazasini yaratish, barcha hududlar darajasida gender vaziyatining gender tahlili va monitoringini o`tkazishni talab etadi.
    Har bir mamlakatda ushbu ma`lumotlarni yaratish va ular mavjudligining dolzarbligi Xotin-qizlar ahvoli bo`yicha IV Butunjahon anjumanida (Pekin, 1995 y., sentyabr) alohida qayd etilgan. Pekin Harakat dasturining 206-a moddasiga ko`ra, milliy statistika xizmatlari jamiyatda ayollar va erkaklar ahvoli bilan bog`liq muammolar va masalalarni aks etuvchi, jinsi va yoshiga ko`ra ajratilgan statistika ma`lumotlarini to`plash, ishlov berish, tahlil qilishni ta`minlashi zarur.
    Respublikada gender rivojlanish haqidagi ma`lumotlardan barcha aholi qatlamlari keng foydalanishini va Xotin-qizlar ahvoli bo`yicha IV Butunjahon anjumanining (Pekin, 1995 y., sentyabr) tavsiyalari ijrosini ta`minlash maqsadida davlat statistika idoralari tomonidan davlat va jamoat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlikda tizimli ravishda O`zbekistondagi ayollar va erkaklarning ta`lim, sog`liqni saqlash, bandlik va mehnat bozori, ijtimoiy himoya, davlat boshqaruvi kabi sohalardagi aholini ta`riflovchi ma`lumotlardan iborat statistik to`plamlari nashr etiladi.